2025-yilda Rossiya elektr energiyasi eksporti yo‘nalishlarida sezilarli o‘zgarishlar qayd etildi. Qozog‘iston Rossiya elektr energiyasining asosiy xaridoriga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Rossiyadan eksport qilingan elektr energiyasining qariyb 60 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich taxminan 4,5 milliard kVt/soatni tashkil etadi.
Avval Rossiya elektr energiyasi uchun asosiy tashqi bozor Xitoy bo‘lib kelgan. Biroq Uzoq Sharq hududida generatsiya quvvatlari yetishmasligi sababli Xitoyga yetkazib berish hajmlari keskin kamaydi. 2025 yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 63 foizdan ortiqqa qisqarib, 298,5 million kVt/soatni tashkil etdi.
Shuningdek, Rossiya elektr energiyasining boshqa asosiy iste’molchilari orasida Mo‘g‘uliston 13 foizlik ulush bilan qayd etilgan. Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharq davlatlariga, jumladan Gurjiston va Turkiyaga yetkazib berish hajmlari esa barqaror saqlanib qolgan.
Qaynoq24.uz O‘zbekiston 2035-yilga borib 170 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.
Agar 2016-yilda yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 60 mlrd kVt/soatdan oshmagan bo‘lsa, 2024–2025-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 85 mlrd kVt/soatga yaqinlashdi. Rasmiy rejalariga ko‘ra, 2030-yilga borib ishlab chiqarish 140 mlrd kVt/soatga, 2035-yilga kelib esa 170 mlrd kVt/soatga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

