Realme 10 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega smartfonini qachon taqdim etadi

Foto: Realme
Jonibek Juraqulov
1 Daqiqa o‘qish

Realme 10 000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega yangi smartfonini yaqin orada taqdim etadi. Kompaniya silikon-uglerod texnologiyasiga asoslangan katta sig‘imli akkumulyatorlar trendiga jiddiy kirib kelmoqda. Shu yo‘nalishdagi ilk model yaqin kunlarda namoyish etilishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, RMX5107 indeksli smartfon 10 001 mA/soat batareya bilan sertifikatsiyadan o‘tdi. Qurilma Hindistonning BIS bazasida ro‘yxatdan ham o‘tkazilgan. Bu esa model aynan Hindiston bozoriga mo‘ljallanganini ko‘rsatadi. Insayder Yogesh Brarga ko‘ra, yangilik Realme P seriyasiga mansub bo‘ladi va shu oy taqdim etiladi.

Realme’ning P seriyasi katta batareyali smartfonlari bilan tanilgan. Masalan, avval taqdim etilgan Realme P4x modeli 7 000 mA/soatli akkumulyator bilan chiqqan edi. So‘nggi yillarda 8 000 mA/soat sig‘im oddiy holga aylana boshlagan bo‘lsa-da, Realme bu ko‘rsatkichdan ham o‘tib, yangi bosqichni sinab ko‘rmoqda.

Taqqoslash uchun, Realme Neo8 modeli 22-yanvar kuni Xitoyda 8 000 mA/soatli batareya bilan taqdim etilishi rejalashtirilgan. Ammo P seriyasidagi yangi qurilma 10 000 mA/soat bilan kompaniyaning “batareya qiroli” unvonini egallashi mumkin.

Hozircha smartfonning protsessori, displey o‘lchami va boshqa texnik xususiyatlari noma’lum. Odatda Realme P seriyasi o‘rta toifadagi qurilmalarni o‘z ichiga oladi. Shunga qaramay, mutaxassislar bunday katta batareya samarali chipset va keng ekran bilan uyg‘unlashtirilishini kutmoqda.

Qaynoq24,uz Realme 16 Pro va 16 Pro+ taqdim etilgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.