Kanada futbol terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan so‘nggi tayyorgarlik uchrashuvlaridan birida O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 1-iyun kuni Kanadaning Edmonton shahrida bo‘lib o‘tadi.
O‘yin mamlakatdagi eng yirik ochiq stadionlardan biri bo‘lgan Commonwealth Stadiumda o‘tkaziladi. Stadion sig‘imi 55 mingdan ortiq tomoshabinni tashkil qiladi.
Uchrashuv haqida Canada Soccer Los-Anjelesda bo‘lib o‘tayotgan yanvar yig‘ini vaqtida rasman e’lon qildi. Mazkur bahs iyun oyidagi FIFA xalqaro oynasining ilk kuniga to‘g‘ri keladi. Bu Kanadaga mundial oldidan ikki tayyorgarlik o‘yinini o‘tkazish imkonini beradi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Jesse Marsch ushbu bahs G‘arbiy Kanada muxlislarini jalb qilish va Jahon chempionati oldidan ijobiy kayfiyat shakllantirish uchun muhim ekanini ta’kidladi.
Edmonton shahri rasmiylari ham uchrashuvni qabul qilishlarini olqishlab, bu voqea shahar iqtisodiy faolligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi. O‘yinga chiptalar 23-yanvardan boshlab sotuvga chiqariladi. CanadaRED a’zolari uchun oldindan xarid qilish imkoniyati taqdim etiladi.
Qaynoq24.uz FIFA 2025-yilning eng yaxshi futbolchisini e’lon qilgani haqida yozgan edi.

