Futbol bo‘yicha JCh-2026 ochilish uchrashuvida Meksika terma jamoasi Janubiy Afrika Respublikasini mag‘lub etdi. Mexiko shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan bahs mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv Meksika terma jamoasining faol hujumlari bilan boshlandi. Javier Agirre shogirdlari dastlabki daqiqalardayoq xavfli vaziyat yaratdi. Israel Reyesning o‘ng qanotdan uzatmasidan so‘ng Raul Ximenes zarba berdi, biroq JAR darvozaboni Ronven Uilyams to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.

Hisob ko‘p o‘tmay ochildi. Erik Lira raqib futbolchisi Sphephelo Sitholedan to‘pni olib qo‘ydi, shundan so‘ng Xulian Kinyones jarima maydoni ichidan aniq zarba yo‘llab, Meksikani oldinga olib chiqdi.
Birinchi bo‘limda mezbonlar ustunlikni saqlab qoldi. Raul Ximenesning bosh bilan bergan zarbasini Uilyams qaytardi, Kinyonesning yana bir urinishi esa darvoza ustuniga tegdi. Shu bois Janubiy Afrika tanaffusga faqat bitta gol farqi bilan chiqib ketdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida JARning ahvoli yanada og‘irlashdi. Ximenes darvozaga chiqib borayotgan vaqtda Sithole tomonidan qoida buzilishi bilan to‘xtatildi. Hakam ushbu vaziyatdan so‘ng janubiy afrikalik futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Meksika hisobni oshirdi. 17 yoshli Gilberto Mora maydonga tushirilganidan so‘ng mezbonlar ikkinchi golni urdi. Kinyones Ximenes bilan devor uslubida o‘ynab, Roberto Alvaradoga pas berdi. Uning uzatmasidan keyin Raul Ximenes to‘pni bosh bilan darvozaga joyladi.
Uchrashuv yakunida yana ikki futbolchi maydondan chetlatildi. Janubiy Afrika safidan Themba Zvane, Meksika tarkibidan esa Sesar Montes qizil kartochka oldi. Shunga qaramay, bu holat mezbon muxlislarning kayfiyatiga ta’sir qilmadi — Meksika mundialni g‘alaba bilan boshladi.
Qaynoq24.uz JCH-2026 uchun ofsaydni aniqlash texnologiyasi yangilangani haqida yozgan edi.


