2025-yil uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Sony kompaniyasining PlayStation 5 konsoli savdosi 8 mln donani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 16% ga kam. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Shu bilan birga, Sony’ning o‘yin yo‘nalishidagi sof foydasi 19% ga oshib, $897 mln ga yetdi. Kompaniyada o‘yinlar savdosining o‘sishi apparat yo‘nalishidagi pasayishni qoplagani qayd etildi.
Sony’ning operatsion foydasi ham 22% ga ko‘payib, qariyb $3,2 mlrdni tashkil etdi va tahlilchilar prognozidan yuqori bo‘ldi. Ushbu fon’da kompaniya aksiyalari 4% ga qimmatlashdi.
Kompaniya butun moliyaviy yil bo‘yicha operatsion foyda prognozini 8% ga oshirib, $9,8 mlrdgacha ko‘tardi. Sony buni musiqa biznesidagi kuchli natijalar bilan izohladi. Kompaniyada so‘nggi yillarda maishiy elektronika’dan ko‘ngilochar industriya tomon muvaffaqiyatli burilish amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Sony aksiyalarni qayta sotib olish dasturini kengaytirishini e’lon qildi. Buyback hajmi avvalgi $637 mln’dan $1,956 mlrdgacha oshirildi. Dastur may oyigacha davom etadi.
Shu bilan birga, kompaniya xotira chiplarining qimmatlashuvi va sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘yin sanoatiga faol kirib kelishi bilan bog‘liq noaniqliklar sharoitida ishlashda davom etmoqda. Sony konsol biznesiga qo‘shimcha turtki berishi mumkin bo‘lgan yirik relizlardan biri sifatida noyabrga rejalashtirilgan GTA VI chiqishini ham qayd etdi.

