Yaqin Sharqda AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari ortidan neft narxlari keskin oshdi. Shu sababli G7 davlatlari global energiya ta’minotini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur choralarni ko‘rishga tayyorligini ma’lum qildi.
G7 moliya vazirlari va Xalqaro energetika agentligi (IEA) o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda neft bozoridagi vaziyat muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida strategik neft zaxiralarini bozorga chiqarish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmadi.
Uchrashuvda IEA rahbari Fatih Birol so‘nggi kunlarda global neft bozori yomonlashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashishdagi qiyinchiliklar hamda ayrim hududlarda neft ishlab chiqarishning qisqarishi bozor uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
IEA ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatlar zaxirasida 1,2 mlrd barrel favqulodda neft zaxirasi mavjud. Bundan tashqari, sanoat kompaniyalarida hukumat majburiyatlari asosida saqlanayotgan yana 600 mln barrel neft bor.
Uchrashuvdan so‘ng Fransiya moliya vaziri Roland Leskyur strategik zaxiralarni chiqarish masalasi hali ko‘rib chiqilayotganini bildirdi. Agar bunday qaror qabul qilinsa, bu 2022-yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirganidan keyingi ilk holat bo‘ladi.
G7 davlatlari yakuniy bayonotida zarur bo‘lsa energiya ta’minotini qo‘llab-quvvatlash, jumladan neft zaxiralarini bozorga chiqarish kabi choralar ko‘rilishi mumkinligi qayd etildi.
Buyuk Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz esa Yaqin Sharqda zudlik bilan keskinlikni kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakat xalqaro hamkorlar bilan birgalikda IEA neft zaxiralarini bozorga chiqarish bo‘yicha kelishilgan choralarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yaqin Sharqdagi energiya infratuzilmasiga zarba berilishi global energiya ta’minotiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu esa dunyo bo‘yicha yoqilg‘i narxlarining oshishiga olib kelishi mumkin.
Vaziyat qanday?

Dunyo neftining qariyb beshdan bir qismi odatda Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashiladi. Biroq urush boshlanganidan beri bu hudud orqali yuk tashish deyarli to‘xtab qolgan.
Dam olish kunlari AQSh va Isroil Erondagi bir qator obyektlarga, jumladan neft omborlariga zarba berdi. Eron esa Fors ko‘rfazi davlatlaridagi energetika infratuzilmasiga hujumlar uyushtirdi. Saudiya Arabistoni yirik neft koniga yo‘naltirilgan dron hujumlarini qaytarib, ularni yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Bozorlar avvaliga bu vaziyatga uncha keskin reaksiya bildirmagan edi. Ammo hafta oxiridagi eskalatsiya ortidan neft narxi keskin oshdi. Dushanba kuni Osiyo bozorlarida Brent nefti narxi bir paytlar 25 foizga oshib, barreli 119,5 dollargacha yetdi.
Qaynoq24.uz Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida neft narxi 3 foizga oshgani haqida yozgan edi.

