Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi yangi Samsung Galaxy A57 modeli haqida tafsilotlarni oshkor qildi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda. Qurilma narxi oshgan bo‘lsa-da, bir qator muhim yangiliklarni olgan.
Model ilk bor Galaxy A seriyasida 512 GB xotira bilan taqdim etiladi. Eng yuqori versiya 12 GB tezkor xotira va 512 GB ichki xotiraga ega. Ushbu konfiguratsiya narxi 770 yevroni tashkil etadi. Bu qariyb 835 dollarga teng.
Bazaviy model 8/128 GB xotira bilan 530 yevro ($575)dan boshlanadi. 8/256 GB versiya 589 yevro ($640) etib belgilangan. Galaxy A57 yana bir muhim yangilikni oldi. U Wi-Fi 6E texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu standart 6 GHz diapazonda ishlaydi. Natijada internet tezligi oshadi va kechikish kamayadi.
Avval bu texnologiya faqat flagman modellarida mavjud edi. Endi u o‘rta segmentga ham kirib kelmoqda. Shuningdek, Galaxy A37 modeli ham qimmatlashgan. Uning boshlang‘ich narxi 430 yevroga ($467) yetgan.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S26 smartfonlariga buyurtmalar 25 foizga oshgani haqida yozgan edi.

