AQSh Eron hududiga yangi zarbalar berdi. Eron davlat OAVlari mamlakat janubidagi Sirik, Bandar-Abbos, Konarak va Chobahor shaharlarida portlashlar qayd etilganini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Donald Tramp zarbalar Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemalariga qilingan hujumlarga javoban amalga oshirilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bunday harakatlarni takrorlasa, oqibatlari yanada og‘ir bo‘ladi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi hujumlardan maqsad Tehronning Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnoviga tahdid solish imkoniyatini kamaytirish ekanini ta’kidladi. Vashington Eronni tijorat kemalari va fuqarolik ekipajlariga qarshi asossiz tajovuzda aybladi.
Eron davlat televideniyesi Bandar-Abbosda sakkizta portlash eshitilganini xabar qildi. Sirik va Jask portlariga ikkitadan raketa kelib tushgani, Abu-Muso oroli ham zarbaga uchragani aytilmoqda. Bandar-Abbosda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushirilgan.
Zarbalarning to‘liq oqibatlari hozircha noma’lum. Chobahorda elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergan, Bushehrdagi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qarorgohida esa yong‘in chiqqani haqida xabarlar tarqaldi.
AQSh hujumlaridan so‘ng Fors ko‘rfazi mamlakatlarida ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Bahrayn poytaxti Manamada portlashlar eshitilgan, Quvayt raketa va dronlarni urib tushirgan, Qatar esa xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qilgan.
Eron hozircha so‘nggi zarbalarga rasman munosabat bildirmadi. Biroq mamlakat rasmiylari avvalroq AQShning har qanday hujumiga zudlik bilan javob qaytarilishini ta’kidlagan edi.
Qaynoq24.uz AQSH Hormuz bo‘g‘ozidagi hujumlardan so‘ng Eronga yangi zarbalar bergani haqida yozgan edi.


