2026-yilning yanvar–may oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 5,35 mln nafardan ortiq xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida jami 5 351 868 nafar chet el fuqarosi turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelgan. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 1,1 mln nafarga yoki 27,3 foizga ko‘p.
O‘zbekistonga eng ko‘p turist qo‘shni davlatlardan kelgan. Xususan, yanvar–may oylarida Qirg‘iz Respublikasidan 1 539 503 nafar, Qozog‘istondan 1 246 689 nafar, Tojikistondan esa 1 211 060 nafar fuqaro O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
Rossiya ushbu ro‘yxatda to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Besh oy davomida Rossiyadan O‘zbekistonga 465 885 nafar turist kelgan. Keyingi o‘rinlarda Afg‘oniston 198 910 nafar va Xitoy 178 121 nafar ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Turmanistondan 136 997 nafar, Turkiyadan 78 312 nafar, Hindistondan 20 807 nafar va Germaniyadan 18 291 nafar fuqaro turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelgan.
Ma’lumotlardan ko‘rinishicha, O‘zbekiston turizm oqimida Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikiston hissasiga umumiy turistlar sonining katta qismi to‘g‘ri keladi.
Turistlar sonining 27,3 foizga oshgani mamlakatda turizm sohasi tiklanish va o‘sish jarayonini davom ettirayotganini ko‘rsatadi. Xorijiy fuqarolar oqimining ko‘payishi mehmonxona, transport, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari faolligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda nechta OTM faoliyat yuritayotgani haqida yozgan edi.


