Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Jahon chempionati oldidan jarohat xavfi bilan to‘qnash keldi. U yakshanba kuni «Inter Miami» safida o‘yinni oxirigacha davom ettira olmadi.
Messi MLS doirasida «Philadelphia Union»ga qarshi uchrashuvning 73-daqiqasida almashtirishni so‘radi. U chap oyog‘ining orqa qismini ushlagan holda maydonni tark etdi. Shunga qaramay, futbolchi keyinroq yo‘lakka odatiy holatda yurib kirib ketgan. Bu esa jarohat og‘ir bo‘lmasligi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
«Inter Miami» bosh murabbiyi Gilyermo Oyos Messining almashtirilishi ehtiyot chorasi bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mayamidagi yomg‘irli ob-havo sabab maydon og‘ir holatda bo‘lgan. Murabbiy hozircha Messining holati bo‘yicha tibbiy xulosa yo‘qligini bildirdi. U futbolchida charchoq bo‘lganini ta’kidladi.
38 yoshli Messi 2026-yilgi Jahon chempionatida qatnashishini hali rasman tasdiqlamagan. Ammo u Argentina safida turnirga borishi kutilmoqda. Agar Messi musobaqada ishtirok etsa, bu uning faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionati bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich rekord natijaga tenglashadi. 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyun kuni boshlanadi. Turnir AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
Argentina terma jamoasi tarkibi kelasi hafta e’lon qilinishi kutilmoqda. Amaldagi jahon chempionlari turnirdagi ilk o‘yinini 16-iyun kuni Jazoirga qarshi o‘tkazadi.
Messi 2023-yilda «Inter Miami»ga o‘tganidan beri jismoniy yuklamasini ehtiyotkorlik bilan boshqarib kelmoqda. Shunga qaramay, u oldin ham son mushaklari bilan bog‘liq muammolar sabab ayrim uchrashuvlarni o‘tkazib yuborgan. Messining hozirgi holati Argentina uchun muhim masala bo‘lib turibdi. Chunki JCH startigacha juda oz vaqt qoldi va terma jamoa sardorining tayyorgarligi alohida e’tiborda bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Abduqodir Husanov Angliya kubogini yutgan ilk o‘zbekistonlik bo‘lgani haqida yozgan edi.

