Namangan viloyatida Sirdaryo daryosida cho‘kib ketgan fuqarolarni qidirish ishlari davomida bir fuqaroning jasadi topildi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
26-iyul kuni soat 14:06 da 112 qisqa raqamiga Namangan shahri Gulbog‘ mahallasida yashovchi, 2004-yilda tug‘ilgan fuqaro Namangan tumani Sho‘rqo‘rg‘on mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Sirdaryo daryosiga tushib ketgani haqida murojaat kelib tushgan.
Shundan so‘ng Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Maxsus qutqaruv otryadining suvda qutqaruv guruhi g‘avvoslari qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan.
Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, 27-iyul kuni daryodan boshqa bir fuqaroning jasadi topilgan. Qutqaruvchilar uni qirg‘oqqa olib chiqib, belgilangan tartibda tegishli organlarga topshirgan.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi joriy cho‘milish mavsumida taqiqlangan hududlarda yuz bergan baxtsiz hodisalar oqibatida bir necha fuqaro halok bo‘lganini bildirdi. Hozirda ham suvga cho‘kib ketgan ikki nafardan ortiq fuqaroni qidirish ishlari davom ettirilmoqda.
Boshqarma fuqarolarni faqat ruxsat etilgan va xavfsiz joylarda cho‘milishga chaqirdi. Ota-onalardan esa farzandlarining nazoratsiz ravishda daryo, kanal va boshqa suv havzalariga borishiga yo‘l qo‘ymaslik so‘raldi.
Qaynoq24.uz Jizzaxda FVV bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga olingani haqida yozgan edi.


