Vengriya bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlarida mag‘lubiyatini tan oldi. U 12-aprel kuni Budapeshtda tarafdorlari oldida chiqish qilib, endi muxolifat safida bo‘lsa ham mamlakatga xizmat qilishini aytdi.
Orban hukumat boshqaruvi endi uning zimmasida emasligini ta’kidladi. U siyosiy kuch sifatida jamiyatni mustahkamlashga e’tibor qaratishini bildirdi.
Saylov natijalariga ko‘ra, muxolifat yetakchisi Peter Madyar boshchiligidagi “Tisa” partiyasi katta ustunlik bilan g‘alaba qozonmoqda. Ovozlarning 84,9 foizi sanalgach, partiya 199 o‘rindan 138 tasini qo‘lga kiritishi mumkin. Bu parlamentda uchdan ikki qismdan ko‘proq o‘rin degani.

Saylovda qatnashish darajasi ham rekord bo‘ldi. Ovoz berish yakunlanishidan oldin ishtirok 77,8 foizga yetgan. Madyar avvalroq Orban uni telefon orqali tabriklaganini ma’lum qilgan. U bu haqda ijtimoiy tarmoqda yozgan.
62 yoshli Orban 2010-yildan beri hokimiyatda edi. Bu safar esa 45 yoshli Madyar uning asosiy raqibiga aylandi. U ilgari Orban partiyasining yoshlar qanotida ishlagan.
Muxolifat saylovchilarni korrupsiya, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidagi muammolar bilan ishontirdi. Madyar korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash va tizimli islohotlar o‘tkazishni va’da qilgan.
Qaynoq24.uz Viktor Orban Yevroittifoqni Vengriya uchun Rossiyadan ham xavfliroq deb atagani haqida yozgan edi.

