Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Qarshi shahri bo‘limi tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida fuqaro J.E. «Xaramjo‘y» MFY hududidagi noturar binoda alkogol mahsulotlarini saqlab kelgani aniqlandi. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxs avval sudlangan bo‘lgan.
Binoda 600 dona qalbaki aksiz markali va qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari topilgan. Ushbu mahsulotlar sotish maqsadida saqlangani aytilmoqda. Aniqlangan alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Shunga o‘xshash holat Xorazm viloyatida ham qayd etildi.
Departamentning Urganch shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «X.S.» MChJ rahbari M.A. faoliyati tekshirildi. Tekshiruvda u «Yoshlik» MFY hududidagi savdo do‘konida 387 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘ygani aniqlandi. Mazkur mahsulotlar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi va 186-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ushbu moddalar qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni nazarda tutadi.
Shuningdek, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoki sotish holatlari ham tergov qilinmoqda. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘ona va Namanganda noqonuniy dori vositalari aniqlangani haqida yozgan edi.


