Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida kelinoyisini o‘ldirishda ayblangan qizga sud hukmi o‘qildi. U 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Sud materiallariga ko‘ra, mudhish voqeaga oiladagi kelishmovchilik va o‘zaro shubhalar sabab bo‘lgan. Natijada 31 yoshli qiz yaqin qarindoshining o‘limiga sababchi bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, xorijda mehnat qilayotgan ona oiladagi nizolar sabab qizi va keliniga telefon orqali e’tiroz bildirgan. U yaqinlarining telefonlarini olib qo‘yishni boshqa bir qarindoshiga aytgan.
Shundan so‘ng marhuma uyga kelib, qiz va kelindan telefonlarini berishni so‘ragan. U buni ularning onasi aytganini tushuntirgan.
Shu paytda sudlanuvchida onasiga salbiy ma’lumotlar aynan shu ayol tomonidan yetkazilgan degan gumon paydo bo‘lgan. Vaziyat keskinlashib, o‘zaro janjal yuzaga kelgan. Janjal oqibatida ayol tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud sudlanuvchining aybini to‘plangan dalillar asosida isbotlangan deb topdi. Sud hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Unga ushbu modda bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qaynoq24.uz Namangan va Jizzaxda noqonuniy tamaki savdosi aniqlangani haqida yozgan edi.


