Bir qator flagman va o‘rta segmentdagi Samsung smartfonlari AQShning Amazon platformasida chegirma bilan sotila boshladi. Bu haqda GSMArena xabar berdi.
Eng katta chegirma Galaxy S26 Ultra va Galaxy S26+ modellariga berilgan bo‘lib, ularning narxi $250 ga pasaytirildi.
Chegirmadan so‘ng 12/256 GB xotirali Galaxy S26 Ultra $1 050, 12/512 GB talqini esa $1 250 dan sotilmoqda. Galaxy S26+ modelining 12/256 GB versiyasi $850, 12/512 GB xotirali varianti esa $1 050 ga tushgan. Har ikkala smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy protsessorida ishlaydi. Ultra modelida Samsung‘ning Privacy Display funksiyasi ham mavjud.
Galaxy A57 5G modeliga esa $125 chegirma berildi. Uning 8/128 GB xotirali versiyasi $425, 8/256 GB talqini $485 ga sotilmoqda. Smartfon 6,7 dyuymli AMOLED displey, IP68 darajasidagi himoya, uchta asosiy kamera va Exynos 1680 protsessori bilan jihozlangan.
Samsung‘ning yangi buklanuvchi Galaxy Z Fold8, Galaxy Z Fold8 Ultra va Galaxy Z Flip8 smartfonlariga ham oldindan buyurtma qabul qilinmoqda. Ularning yetkazib berilishi 7-avgustdan boshlanadi.
Galaxy Z Fold8 modelining 12/256 GB versiyasi $1 900, 12/512 GB talqini $2 100 turadi. Galaxy Z Fold8 Ultra esa mos ravishda $2 100 va $2 300 dan taklif qilinmoqda. Ushbu ikki modelga oldindan buyurtma bergan xaridorlarga $350 lik Amazon sovg‘a kartasi taqdim etiladi.
Galaxy Z Flip8 smartfonining 12/256 GB xotirali versiyasi $1 200, 12/512 GB talqini esa $1 400 ga baholangan. Mazkur modelni oldindan buyurtma qilgan xaridorlar $200 lik sovg‘a kartasiga ega bo‘ladi.
Galaxy Z Fold8 ichki ekranining 4:3 nisbatdagi yangi shakli va kengaytirilgan tashqi displeyi bilan ajralib turadi. Galaxy Z Fold8 Ultra avvalgi avlodga nisbatan kuchliroq texnik imkoniyatlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, Galaxy Z Flip8 yangi protsessor va takomillashtirilgan dasturiy funksiyalar bilan taqdim etilgan.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy A34 yangilanishi 57 ta zaiflikni bartaraf etgani haqida yozgan edi.


