O‘zbekistonda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi kuchaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan buyumlarni jamoat joylarida ochiq holda olib yurish uchun javobgarlik kuchaytirildi. Agar bu holat ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima solinadi.
Shuningdek, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunga ham muhim o‘zgarish kiritildi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga fuqaroviy qurol saqlash va olib yurish huquqi vaqtincha cheklanadi. Bu cheklov himoya orderi amal qilgan davrda qo‘llaniladi.
Bunday holatlarda qurol va uning o‘q-dorilari ichki ishlar organlari tomonidan olib qo‘yiladi. Bu choralar zo‘ravonlikning oldini olish va jabrlanuvchilarni himoya qilishga qaratilgan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Qaynoq24.uz bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish kuchaytirilishi haqida yozgan edi.

