2026-yil 1-oktabrdan tadbirkorlar jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Endilikda ular jarimani bir oy ichida 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin. Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Agar vakolatli organ qarori sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi.
Belgilangan muddatda pul qaytarilmasa, har bir kechiktirilgan kun uchun foiz hisoblanadi. Bu foiz Markaziy bank asosiy stavkasiga bog‘langan holda belgilanadi.
Qaynoq24.uz dala chetlarida ekin ekilmasa jarima kuchaytirilishi haqida yozgan edi. 13-aprel kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, dala chetlaridagi kanal, sug‘orish va drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda ekin ekilmasa, ijarachilar javobgarlikka tortiladi. Endilikda bunday holatlar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha jarima qo‘llanadi.
Shuningdek, yangi tartibga binoan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi har yili 1-mayga qadar ekin ekilmagan yerlar va ularning egalari haqida ma’lumotni soliq organlariga elektron shaklda taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida ekin ekilmagan maydonlar uchun yer solig‘i uch baravar oshirilgan holda hisoblanadi.

