O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi yanada kuchaytiriladi. Shu maqsadda 17-aprel kuni qabul qilingan qonun bilan bir qator hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Yangi tartibga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan yoki ishtirok etgan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun jazo kuchaytirildi. Agar bunday harakat ma’muriy jazo qo‘llangandan keyin takror sodir etilsa, aybdor shaxs katta miqdorda jarima, axloq tuzatish ishlari yoki ozodlikni cheklash va hatto ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili tushunchasi kiritildi. Endi guvoh bola bo‘lsa, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy vakil majburiy tartibda jalb qilinadi.
Qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxs, vasiy yoki homiy, shuningdek, tegishli organ vakillari ishtirok etishi mumkin. Ularning ishda qatnashishi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarori bilan, sudda esa ajrim orqali rasmiylashtiriladi.
Bundan tashqari, bunday noqonuniy materiallarni saqlash uchun ma’muriy javobgarlik ham belgilandi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi.
Qaynoq24.uz tadbirkorlikka noqonuniy aralashuvlar cheklanishi haqida yozgan edi.

