AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh va Eron o‘rtasidagi sulh muddati uzaytirilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, kelishuv Eron yagona taklif ishlab chiqmaguncha va muzokaralar yakunlanmaguncha amal qiladi.
Donald Tramp bu qaror Pokiston rasmiylari iltimosiga ko‘ra qabul qilinganini aytdi. Unga ko‘ra, Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif va armiya qo‘mondoni Asim Munir sulhni davom ettirishni so‘ragan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Eron ichki siyosatida kelishmovchiliklar mavjud. Shu sababli muzokaralar uchun vaqt berish zarur. U bu haqda Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Shu bilan birga, Donald Tramp AQSh armiyasiga Hormuz bo‘g‘ozidagi blokadani davom ettirish va to‘liq jangovar tayyorgarlikni saqlashni buyurganini bildirdi. Bu orada Eron muzokaralardan bosh tortdi. Davlat agentligi Tasnim xabariga ko‘ra, Tehron 22-aprel kuni Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvda ishtirok etmaydi.
Eron tomoni AQSh talablarini ortiqcha deb hisoblab, muzokaralarni vaqtni behuda sarflash deb atagan. Shuningdek, AQSh vitse-prezidenti Jeyms Devid Vensning Islomobodga safari ham noma’lum muddatga qoldirildi. Bu qaror Oq uy tomonidan tasdiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron o‘rtasidagi ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar 11-aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan edi. Unda AQSh delegatsiyasiga Vens bilan birga Stiven Uitkoff va Jared Kushner kirgan. Eron tomonidan esa Muhammad Boqir Qolibof va Abbos Aroqchi qatnashgan.
Qaynoq24.uz Eron AQSh bilan yangi muzokaralarda qatnashish masalasini ochiq qoldirgani haqida yozgan edi.

