Yaponiya hukumati Ikkinchi jahon urushidan keyin amal qilgan qurol eksporti cheklovlarini bekor qildi. 21-aprel kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, endilikda mamlakat xavfli qurollarni ham boshqa davlatlarga sotishi mumkin.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi bu o‘zgarishlar har qanday mudofaa texnikasini eksport qilish imkonini berishini ta’kidladi. Avval esa mamlakat faqat o‘limga olib kelmaydigan harbiy uskunalarni eksport qilishga ruxsat berardi.

Hukumat vakili Minoru Kixara ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi va Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan ma’qullanganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Bugungi kunda hech bir davlat yolg‘iz holda o‘z xavfsizligini ta’minlay olmaydi”, dedi u.
Yangi siyosat Yaponiya uchun tub burilish hisoblanadi. Tokio qurol bozoriga kirish orqali iqtisodiyotini faollashtirish va Xitoy, Rossiya hamda Shimoliy Koreya ta’siriga qarshi turishni maqsad qilgan. Qaror mamlakat ichida ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. So‘rov natijalariga ko‘ra, aholining 53 foizi bu o‘zgarishga qarshi. Faqat 32 foiz respondent uni qo‘llab-quvvatlagan.
Xitoy esa bu qarorni keskin tanqid qildi. Pekin rasmiylari Yaponiyaning bu siyosatini yangi uslubdagi militarizatsiya deb atadi va bunga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini bildirdi.
Shu bilan birga, Yaponiya an’anaviy ravishda AQSh bilan ittifoqqa tayanadi. Biroq Donald Trampning ikkinchi prezidentlik davri boshlanganidan so‘ng Tokio Vashingtonni tobora ishonchsiz hamkor sifatida ko‘ra boshladi.
Qaynoq24.uz Yaponiya 2031-yilgacha Tayvan yaqinidagi orolga zenit raketalar joylashtirishi haqida yozgan edi.

