Geely 22-aprel kuni Xitoy bozorida Geely Galaxy A7 oilasining ikki yangi modelini sotuvga chiqardi. Bu haqda Autohome nashri xabar bermoqda.
Yangi sedanlar 5 metrga yaqin uzunlikka ega bo‘lib, segmentida arzon narxi bilan ajralib turadi. Gibrid versiya narxi 90 mingdan 124 ming yuangacha, ya’ni taxminan $12,5 mingdan $17 minggacha. To‘liq elektr model esa 103 mingdan 120 ming yuangacha, ya’ni $14 mingdan $16,5 minggacha baholangan.

Avtomobil uzunligi 4 935 mm, g‘ildirak bazasi 2 845 mmni tashkil etadi. Salonida 14,6 dyuymli 2K displeyli multimedia tizimi o‘rnatilgan. Shuningdek, 16 ta dinamikli audio tizim, 50 Vt simsiz zaryadlash va yuqori darajadagi qulay o‘rindiqlar taklif etiladi.
Geely Galaxy A7 EV 58,05 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. U CLTC sikli bo‘yicha 550 kmgacha yurish imkonini beradi. Elektromotor quvvati 218 ot kuchiga teng. Tezkor zaryadlash 30 foizdan 80 foizgacha atigi 20 daqiqa davom etadi.

Geely Galaxy A7 EM esa kengroq jihozlar bilan taqdim etilgan. Unda 1,5 litrli benzin dvigateli va elektromotor birgalikda ishlaydi. Umumiy tizim yuqori samaradorlikni ta’minlaydi. Model faqat elektr rejimida 150 dan 235 kmgacha masofa bosib o‘ta oladi. Kompaniya xaridorlar uchun qo‘shimcha bonuslar ham e’lon qilgan. 31-maygacha buyurtma berganlar chegirmalar va trade-in dasturi orqali foyda olishi mumkin. Umumiy chegirma 40 ming yuangacha, ya’ni qariyb $5,5 minggacha yetadi.
Qaynoq24.uz Zeekr 8X va 9X gibridlari qachon eksportga chiqishi haqida yozgan edi.

