O‘zbekistonda yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, 2026-yildan “Ilg‘or ijodkor” mukofoti ta’sis etiladi.
Mukofot kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, she’riyat, dramaturgiya va bolalar adabiyoti yo‘nalishlarida eng yaxshi ijodkorlar taqdirlanadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblarga BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Farmon bilan yoshlar siyosatining yangi bosqichi ham belgilandi. 2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta 12-avgust arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressi o‘tkaziladi. 2026-yildan esa har yili sentabr oyida “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori ostida umumxalq yoshlar festivali tashkil etiladi. Festival davlat-xususiy sheriklik asosida o‘tkaziladi va milliy qadriyatlar hamda xavfsizlik talablariga mos holda tashkil qilinadi.
Shuningdek, hududlarda yoshlar uchun infratuzilma rivojlantiriladi. Ta’lim, sport, madaniyat markazlari, kutubxonalar, kinoteatrlar va dam olish maskanlari faoliyati uchun minimal standartlar joriy etiladi.
2026–2027-yillarda har bir hududda turizm va savdo xizmatlari rivojlangan ko‘chalarda kutubxonalar, “book cafe” va kitob do‘konlari tashkil etiladi.
Kitob savdosini rivojlantirish uchun tadbirkorlarga ham qo‘shimcha imkoniyatlar beriladi. Oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi bilan va 6 oylik imtiyozli davr bilan beriladi.
Qaynoq24.uz “Ekofaol fuqaro” maqomi qanday tartibda berilishi haqida yozgan edi.

