Xiaomi Xitoyda yangi Redmi Pad 2 Pro Learning Edition modelini taqdim etdi. Qurilma asosan o‘quvchilar va talabalar uchun mo‘ljallangan.
Planshet Redmi Pad 2 Pro asosida yaratilgan. Biroq yangi versiyada asosiy e’tibor ta’lim va sun’iy intellekt imkoniyatlariga qaratilgan. Qurilma 12,1 dyuymli 2.5K ekran bilan jihozlangan. Yangilanish chastotasi 120 Hz ni tashkil etadi. Mat qoplama esa aks etishni kamaytiradi.

Ichida Snapdragon 7s Gen 4 protsessori ishlaydi. Planshet 8 GB tezkor va 128 GB doimiy xotira bilan taklif qilinadi. Akkumulyator sig‘imi 12 000 mAh. U 33 W tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 27 W revers zaryadlash orqali boshqa qurilmalarni ham quvvatlay oladi.
Asosiy yangilik dasturiy imkoniyatlarda namoyon bo‘ladi. Planshetda sun’iy intellekt asosidagi o‘qituvchi mavjud. U dars jarayonida savollarga javob beradi va tushuntirishlar beradi. Bundan tashqari, qurilma uy vazifalarini avtomatik tekshiradi. Xatolarni aniqlab, ularni qanday tuzatish kerakligini ko‘rsatadi.

Planshet bilan birga stilus va maxsus himoya g‘ilofi ham beriladi. Unda qalam uchun alohida joy ajratilgan. Foydalanuvchilarga 3 yilga Xiaomi Education Center obunasi ham taqdim etiladi. Bu platforma 150 mingdan ortiq dars va o‘quv dasturlariga kirish imkonini beradi.
Yangi model narxi 2700 yuan, ya’ni taxminan $380 atrofida etib belgilangan. Bu oddiy versiyaga nisbatan ancha qimmatroq hisoblanadi.
Qaynoq24.uz Xiaomi, Oppo va Vivo smartfonlari kamerasi taqqoslangani haqida yozgan edi.

