Daniyada ikki yo‘lovchi poyezdi yuzma-yuz to‘qnashdi. Hodisa Kopengagen shahridan taxminan 40 km shimoli-g‘arbda sodir bo‘lgan.
Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, avariya Hillerød va Kagerup shaharlari o‘rtasidagi temiryo‘l uchastkasida yuz bergan. To‘qnashuv natijasida 4 kishi og‘ir jarohat olgan. Yana 13 nafar yo‘lovchi shifoxonaga yotqizilgan. Qutqaruv xizmatlari hodisa haqida ertalab soat 06:30 atrofida xabar olgan. Jabrlanganlar vertolyot va tez yordam mashinalari orqali shifoxonalarga yetkazilgan.
Kopengagen yong‘in xizmati vakili hodisa sabablarini hozircha aniq ayta olmaganini bildirdi. Shu bilan birga, dastlabki taxminlarga ko‘ra, poyezdlardan biri noto‘g‘ri yo‘lga chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Mahalliy hokim Trine Egetved voqeani “juda dahshatli hodisa” deb baholadi. Uning aytishicha, og‘ir jarohatlanganlar Kopengagendagi milliy shifoxonaga yetkazilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Daniyada temiryo‘l avariyalari juda kam uchraydi. Ayrim ekspertlar hodisa xavfsizlik tizimlarining yetarli darajada avtomatlashtirilmagan bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Hozirda voqea yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Daniyada Grenlandiya yuzasidan ehtimoliy mojaro haqida fikr bildirilgani haqida yozgan edi.

