Meta Platforms 20–25 mlrd dollar miqdorida obligatsiyalar joylashtirishni rejalamoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, investorlar bu taklifga katta qiziqish bildirgan va buyurtmalar hajmi deyarli 96 mlrd dollarga yetgan.
Bitim doirasida bir nechta transhlar chiqarilishi mumkin. Eng uzoq muddatli obligatsiyalar 2066-yilda so‘ndiriladi. Ularning daromadliligi AQSh davlat obligatsiyalaridan taxminan 1,47 foiz punktga yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Joylashtirishni Citigroup va Morgan Stanley tashkil qilmoqda. Kompaniya va banklar rasmiy izoh bermagan. Mazkur qaror kompaniya moliyaviy hisobotidan keyin e’lon qilindi. Hisobotda daromad kutilganidan yuqori bo‘ldi, biroq Meta kapital xarajatlar prognozini 125–145 mlrd dollargacha oshirdi. Bu esa sun’iy intellekt infratuzilmasiga investitsiyalar keskin ortayotganini ko‘rsatadi.
Shu fon’da kompaniya aksiyalari 30-aprel kuni savdolarda 10 foizga tushib ketdi. Bunga bosh direktor Mark Sukerberg ning investorlar bilan suhbatda SI mahsulotlarini monetizatsiya qilish bo‘yicha aniq reja yo‘qligini tan olgani sabab bo‘lgan. Meta avval ham yirik obligatsiya joylashtirgan edi. Olti oy oldin kompaniya 30 mlrd dollarlik obligatsiyalar chiqarib, rekord darajadagi talabga ega bo‘lgan.
Yirik texnologik kompaniyalar SI poygasida katta mablag‘ sarflamoqda. Amazon, Alphabet va boshqa gigantlar ham milliardlab dollar jalb qilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, investorlar hali AI sohasiga sarmoya kiritishga tayyor. Biroq ular risklarni hisobga olib, yuqoriroq daromadlilik talab qilmoqda.
Qaynoq24.uz Meta kompaniyasi 8 ming xodimni qisqartirishi haqida yozgan edi.

