Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi savdo hamda xizmat ko‘rsatish obyektlarida berilgan xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkaziladi. Yutuqli o‘yinda ishtirok etish uchun xarid chekini “Soliq” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Chekni ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi. “Soliq” ilovasida foydalanuvchiga uning ro‘yxatdan o‘tkazgan cheklari yutuqli o‘yinga kiritilgani haqida ma’lumot berib boriladi.
Yutuqli o‘yin har oyda “Soliq” ilovasidagi “Yutuqli o‘yinlar” platformasi orqali o‘tkaziladi. Tanlov bir oy davomida ishtirokchilar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xarid cheklari asosida tashkil qilinadi. G‘oliblar inson omilisiz aniqlanadi. Bunda xarid cheklari orasidan tasodifiy tanlash usuli qo‘llanadi.
Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomashina beriladi.
Qaynoq24.uz soliq qoidabuzarliklari bo‘yicha 33 mingga yaqin murojaat kelib tushgani haqida yozgan edi.

