Andijon viloyatida noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Birinchi holat Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi tizimida aniqlangan. 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi boshlig‘i fuqaroga Katta Farg‘ona kanali himoya hududidagi 30 sotix yer maydonini ijaraga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
U bu ishni mansabdor tanishlari orqali hal qilib berishini aytgan. Evaziga esa $40,5 ming talab qilgan. Mansabdor oldindan $20 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida ushbu ishga boshqarmaning yana bir bo‘lim boshlig‘i ham aloqador ekani aniqlangan. U $20 mingdan $3 mingini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, mazkur yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelgan 3-gidrouchastka xodimi ham yerni berish uchun $19 ming talab qilgani hujjatlashtirilgan.
Ikkinchi holat Oltinko‘l tumanida qayd etilgan. Tumandagi ta’lim muassasasi direktori muassasa hududidagi 1,1 gektar yer maydoni bo‘yicha kelishuv shartnomasini tasdiqlab berish evaziga $15 ming talab qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu yer maydoni xususiy avtomaktab tomonidan auksion orqali yutib olingan bo‘lgan. Direktor oldindan $10 ming olgan vaqtida ushlangan. Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Qurbon hayitida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga 200 dollar berilishi haqida yozgan edi.

