Tramp administratsiyasi Green Card tartibini kuchaytirdi

Foto: Depositphotos
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasi Green Card berish tartibini kuchaytirdi. Endi aksariyat arizachilar hujjatlarni AQSh ichidan emas, balki xorijdan topshirishi kerak bo‘ladi.

Yangi qoida AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati tomonidan 22-may kuni e’lon qilindi. Unga ko‘ra, vaqtincha viza bilan AQShda bo‘lib turgan xorijliklar Green Card olish uchun avval mamlakatdan chiqishi lozim.

“Endi AQShda vaqtincha bo‘lib turgan va Green Card olishni istagan xorijlik arizani o‘z vatanidan topshirishi kerak”, dedi USCIS vakili Zak Kaler.

Uning so‘zlariga ko‘ra, istisnolar faqat favqulodda holatlarda qo‘llanadi. Yangi tartib talabalar, vaqtinchalik ishchilar va turistlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin. Washington Post ma’lumotiga ko‘ra, AQSh har yili 1 mln dan ortiq Green Card beradi. Hozirgacha arizachilarning yarmidan ko‘pi hujjatlarni mamlakat ichida topshirgan.

USCIS vakili vaqtinchalik viza bilan kelgan xorijliklar AQShga aniq maqsad va belgilangan muddatga kirishini aytdi. Uning fikricha, bunday tashrif Green Card olish jarayonining birinchi bosqichiga aylanmasligi kerak.

Yangi qoida noqonuniy qolib ketish holatlarining oldini olishga qaratilgan. AQSh rasmiylari ayrim arizachilar Green Card rad etilgach ham mamlakatdan chiqib ketmasligini ta’kidlamoqda.

Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatib keladi. U saylov kampaniyasi vaqtida millionlab noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishga va’da bergan edi.

So‘nggi yillarda AQShda deportatsiya reydlari kuchaygan. Bu esa bir necha bor norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.

Qaynoq24.uz Green Card’ga ariza topshirish qo‘llanmasi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.