O‘zbekistonda Qurbon hayitida ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga 200 dollar beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga ko‘ra, Qurbon hayiti munosabati bilan og‘ir va nogironlikka olib keluvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Ushbu xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Shuningdek, onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan 2,3 ming nafar bemor tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ularning davolanishi va jarrohlik amaliyoti uchun zarur mablag‘ ajratiladi.
Kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Bu orqali og‘ir kasallikka chalingan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda. Qarorda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni moddiy rag‘batlantirish ham belgilangan. Ularning omonat hisobvaraqlariga $200 miqdorida pul mukofoti o‘tkaziladi.
Mazkur mablag‘ yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga beriladi. Vasiylik, homiylik va patronatdagi bolalar ham ushbu toifaga kiradi. Pul mukofoti Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari va kichik hajmli bolalar uylari tarbiyalanuvchilariga ham o‘tkaziladi. “SOS” bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilari ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Bundan tashqari, Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan ota-onalarning farzandlari ham ushbu yordamni oladi. “Taskin Children’s Hospice” bolalar onkologik shifoxonasida davolanayotgan bolalar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Qaror doirasida diniy va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash ishlari ham amalga oshiriladi. Jumladan, 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratiladi va ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 717 mingdan oshgani haqida yozgan edi.

