Oq uy yaqinida otishma sodir bo‘ldi. Noma’lum erkak AQSh Maxfiy xizmati xodimlariga qarata o‘q uzgan. Javob choralari vaqtida u yaralanib, keyinroq shifoxonada vafot etdi.
Maxfiy xizmat ma’lumotiga ko‘ra, voqea 23-may kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Erkak Oq uy panjarasi yoniga sumka bilan kelgan, undan qurol olib, xavfsizlik xodimlariga qarata o‘q uzgan. Hodisa vaqtida tasodifiy yo‘lovchi ham jarohat olgan. Uning ahvoli haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Maxfiy xizmat xodimlari orasida jabrlanganlar yo‘q.
AQSh prezidenti Donald Tramp voqea vaqtida Oq uyda bo‘lgan. Maxfiy xizmatga ko‘ra, hodisa prezident faoliyatiga ta’sir qilmagan. Tramp voqea haqida xabardor qilingan.
Hujum qilgan shaxsning kimligi va motivlari hozircha oshkor etilmagan. Maxfiy xizmat tergov olib borilayotganini va qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirdi.
AQSh OAVlariga ko‘ra, bu 2024-yildan beri Tramp yoki uning ma’muriyati bilan bog‘liq xavfsizlik hodisalaridan yana biri bo‘ldi. Avvalroq Pensilvaniya, Uest-Palm-Bich va Vashingtondagi tadbirlarda ham xavfsizlik bilan bog‘liq jiddiy holatlar qayd etilgan edi.
Qaynoq24.uz Tramp sun’iy intellekt bo‘yicha farmonni imzolashdan bosh tortgani haqida yozgan edi.

