Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi BMT Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida qatnashish uchun AQShga bormaydi. Tehron bunga AQSh vizasi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lganini bildirdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiyning aytishicha, safar AQSh vizasi bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab amalga oshmaydi.
“Joriy sharoitni hisobga olsak, tashrif bo‘lmaydi. Chunki biz Amerika vizasi bilan bog‘liq muammoga duch keldik”, dedi Baqoiy maxsus brifingda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shu bois Eron tashqi ishlar vaziri safarga chiqmaydi. Avvalroq Aroqchi Nyu-Yorkka BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida qatnashish uchun taklif etilgani xabar qilingan edi. Eron tomoni safar yakuniy tasdiqlanmagani va viza masalasi hal qilinishi kerakligini bildirgan.
Mazkur yig‘ilish Xitoy tashabbusi bilan o‘tkazilishi kutilmoqda. Chunki Xitoy hozir BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilmoqda. Kun tartibida xalqaro tinchlik va xavfsizlik masalalari bo‘lishi aytilgan. Aroqchining safari bekor qilinishi AQSh va Eron o‘rtasidagi tarang diplomatik vaziyat fonida yuz berdi.
So‘nggi haftalarda Tehron va Vashington o‘rtasida muzokaralar imkoniyati muhokama qilinmoqda. Ammo Eron AQShga ishonmasligini va faqat jiddiy yondashuv bo‘lsa, muloqotga tayyorligini bildirgan.
Shu sababli viza muammosi faqat texnik masala emas, balki ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonchsizlik belgisi sifatida ham ko‘rilmoqda. Hozircha Eron delegatsiyasi yig‘ilishda boshqa vakil orqali qatnashadimi yoki yo‘qmi, aniq emas.
Qaynoq24.uz AQSh va Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochishga kelishgani haqida yozgan edi.

