Namangan viloyatining Chortoq tumanida 495,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlari savdoga qo‘yilgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida “N.F.” MChJ rahbari I.H. dorixonada sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni savdoga qo‘ygani aniqlandi. Dorixona Chortoq tumanidagi “Baynalminal” MFY hududida joylashgan.
Aniqlanishicha, dorixonada 633 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlari sotuvga chiqarilgan. Ularning umumiy qiymati 495,7 mln so‘mni tashkil etadi. Ushbu mahsulotlar davlat reestrida qayd etilmagan. Shuningdek, ularda muvofiqlik sertifikati bo‘lmagan.
Tekshiruvda ayrim dori vositalari va tibbiyot buyumlarining yaroqlilik muddati o‘tgani ham aniqlangan. Mazkur mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dorilarni retsept bo‘yicha sotish tartibini buzish ham ushbu modda doirasida ko‘riladi. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Andijonda elektr qarzdorligini 34 mln so‘m deb ko‘rsatgan elektromontyor ushlangani haqida yozgan edi.

