Axios: Tramp Netanyahuni Livanga zarbalar uchun qattiq tanqid qildi

Foto: Evan Vucci/REUTERS
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Livanga berilgan zarbalar ortidan keskin tanqid qildi. Bu haqda Axios manbalarga tayanib xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, telefon suhbati Isroil armiyasining Bayrut janubidagi hududlarga zarbalaridan keyin bo‘lgan. Tramp Netanyahuni Yaqin Sharqdagi sulhga putur yetkazishda ayblagan. U Isroil bosh vazirini “telba” deb atagani aytilmoqda.

Axios yozishicha, Tramp Netanyahuga korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqdan qutulishiga yordam berganini ham eslatgan. AQSh prezidenti Livanga zarbalar sabab Netanyahuni “hamma yomon ko‘rayotgani”ni aytgan. Uning fikricha, bu holat Isroilning xalqaro maydondagi yakkalanishini kuchaytirishi mumkin.

1-iyun kuni Netanyahu Bayrut janubidagi hududlarga zarba berish buyrug‘ini bergan. U bu qarorni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi bilan vaziyat keskinlashgani bilan izohlagan. Avvalroq Netanyahu Livandagi quruqlik amaliyotini ham kengaytirgan edi. Bunga “Hizbulloh”ning Isroil shimoliga bergan zarbalari sabab bo‘lgani aytilgan.

Axios manbalariga ko‘ra, Tramp telefon suhbati vaqtida Livandagi tinch aholi orasidagi qurbonlardan xavotir bildirgan. U “Hizbulloh” qo‘mondonlarini yo‘q qilish amaliyoti chog‘ida turar joylar vayron qilinganini ham tanqid qilgan.

Isroilning Livandagi zarbalari fonida Eronning Tasnim agentligi Tehron va Vashington o‘rtasidagi vositachilar orqali muzokaralar to‘xtatilganini xabar qilgan. Agentlik Eron inqilobiy gvardiyasiga yaqin nashr hisoblanadi. Tehron Livandagi vaziyat AQSh bilan sulh shartlaridan biri ekanini bildirgan.

Tramp esa muzokaralar to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. U Truth Social tarmog‘ida muzokaralar “tez sur’atda” davom etayotganini yozdi. AQSh prezidentiga ko‘ra, u Isroil va Livan bilan o‘zaro zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu esa Eron bilan muzokaralar davom etishiga imkon bergan.

Hozircha Isroil tomoni Axios xabariga rasmiy munosabat bildirmagan.

Qaynoq24.uz Isroil Bayrutga zarbalarni kuchaytirish uchun AQSh javobini kutayotgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.