Daryo va suv xo‘jaligi obyektlari o‘zanlarini tozalashda ayrim qum-shag‘al materiallarini qazib olishga ruxsat beriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi.
Shuningdek, suv omborlari, sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy ko‘llar va gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalashga tadbirkorlar jalb etiladi. Bunda ular eng yaxshi takliflar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma orqali tanlab olinadi.
Suv omborlari va sel-suv omborlarining suvdan bo‘shagan, ammo tuproq namligi saqlangan yerlaridan ham foydalaniladi. Ushbu yerlar qisqa muddatga ekin ekish uchun tashabbuskorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi.
Farmonda tozalanishi kerak bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlari uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish tartibi ham belgilangan. Buning uchun sohaga ixtisoslashgan nufuzli loyiha tashkilotlari jalb qilinadi. Yangi tartiblar suv xo‘jaligi obyektlaridan samarali foydalanish, tozalash ishlariga xususiy sektorni jalb etish va suv fondi yerlarini bozor tamoyillari asosida boshqarishga qaratilgan.
Qaynoq24.uz suv fondi yerlarida tadbirkorlikka 100 ming gektar ajratilishi haqida yozgan edi.


