Suv fondi yerlarida tadbirkorlikka 100 ming gektar ajratiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Suv fondi yerlarida tadbirkorlikka 100 ming gektar ajratiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari va sel suvlaridan samarali foydalanish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda suv infratuzilmasini faqat texnik obyekt sifatida emas, iqtisodiy aktiv sifatida ham ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Daryo, kanal, suv omborlari va ko‘llar atrofida turizm, dam olish, xizmat ko‘rsatish hamda tadbirkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Ma’lum qilinishicha, suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obyektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini ta’minlash va yiliga 220 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad yaratish mumkin.

Prezident suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish bo‘yicha tizimli ish olib borish kerakligini aytdi. Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotlarni onlayn yuritish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi.

Yangi tartiblar doirasida qirg‘oqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab bo‘layotgan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy ko‘l hamda gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi.

Shuningdek, suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.

Yig‘ilishda irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari ham ko‘rib chiqildi. Mamlakatda 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlari boshlangan. Natijada yiliga 1,3 mlrd kub metr suv tejalmoqda. Bu Navoiy viloyatining bir yillik suv iste’moliga teng.

Shu kungacha 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirilgan. Bundan tashqari, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurilgan. Ushbu ishlar uchun 3 trln so‘m ajratilgan. Natijada 858 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilangan. Yana 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilgan.

Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham muhokama qilindi. Iqlim o‘zgarishi sababli qisqa vaqtda kuchli yomg‘irlar ko‘paymoqda. Bu esa sel xavfini oshirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori ekani qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 mln kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Bu suvdan to‘g‘ri foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish mumkin.

Qaynoq24.uz Mirziyoyev Xitoydagi portlash qurbonlari uchun hamdardlik bildirgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.