Jizzax shahrida o‘z sinfdoshini qasddan o‘ldirgan 24 yoshli yigit 13 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.
Hodisa 2025-yil 3-iyun kuni kechasi sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchi Jizzax shahar Hamid Olimjon mahallasidagi choyxonada ikki sinfdosh do‘sti bilan o‘tirgan. Ular spirtli ichimlik iste’mol qilgan.
Keyinroq sinfdoshlar o‘rtasida Telegram kanalidagi yozishmalar sabab mojaro yuzaga kelgan. Marhum ayblanuvchiga haqoratli so‘zlar yozgani aytilmoqda. Shundan so‘ng ular yuzma-yuz gaplashib olishga kelishgan.
Tomonlar marhumning uyi yaqinida, taxminan soat 21:30 da uchrashgan.

Suhbat yana tortishuvga aylangan. Spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan yigit o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan sinfdoshiga tan jarohati yetkazgan.
Voqea oqibatida jabrlanuvchi vafot etgan. Sudda ayblanuvchi qilmishidan pushaymonligini bildirdi. U marhumning yaqinlaridan kechirim so‘radi va suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi.
Sud tomonlarning ko‘rsatuvlarini va ayblanuvchining so‘nggi so‘zini tingladi. Ish materiallari o‘rganilgach, hukm e’lon qilindi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi birinchi qismi bilan aybli deb topildi. Unga 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Qaynoq24.uz to‘rtta hududda 6,7 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘itlar talon-toroji aniqlangani haqida yozgan edi.


