Yuqori natijali 100 tadbirkorga 300 mln so‘mgacha grant beriladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulgacha yangi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali tadbirkorlar kredit olish uchun ariza yuborishi mumkin bo‘ladi. Platforma tadbirkorlarga bir nechta bank takliflarini solishtirish imkonini beradi. Bu esa kredit tanlash jarayonini soddalashtiradi va moliyaviy xizmatlardan foydalanishni qulaylashtiradi.
Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchi” dasturi ham ishga tushiriladi. Ushbu dastur mahallalar ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqishga yordam beradi.
2026-yil 1-iyuldan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida yangi tartiblar amal qiladi. Avval ushbu dastur orqali mikrokredit olgan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun garovsiz mikrokredit qismi oshiriladi.
Endi bunday tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha ko‘paytiriladi. Shuningdek, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ kichik biznes subyektlariga kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha qismi bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etadi.
Qaynoq24.uz garovsiz kredit miqdori 200 mln so‘mgacha yetkazilishi haqida yozgan edi.


