Namangan va Jizzaxda aksiz markasiz tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Tadbir davomida fuqaro M.S. boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomobil saloni va yukxonasidan chet elda ishlab chiqarilgan 5 ming quti Milano nomli tamaki mahsulotlari topildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu mahsulotlarda aksiz markasi bo‘lmagan. Fuqaro ularni sotish maqsadida Farg‘ona viloyatiga olib ketayotgan bo‘lgan.
Tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Shunga o‘xshash holat Jizzax viloyatida ham aniqlandi. Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbir o‘tkazdi.
Unda muqaddam sudlangan fuqaro M.A. boshqaruvidagi Damas avtomobili ko‘zdan kechirildi. Avtomobil salonidan 17 turdagi 2 041 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari topildi. Tergovga ko‘ra, fuqaro ushbu mahsulotlarni sotish maqsadida Jizzax shahriga olib kelgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 186-1-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ushbu moddalar etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarishga urinish holatlarini nazarda tutadi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz 643,2 mlrd so‘mlik budjed mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangani haqida yozgan edi.


