O‘zbekistonda sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini muomalaga kiritish holatlarining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Qibray tumanida fuqaro Sh.Sh. “Zafarobod” MFY hududidagi xonadonda umumiy qiymati 7 mlrd so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlab kelgani aniqlandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu mahsulotlarning sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lgan. Ular sotish maqsadida saqlangani aytilmoqda.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa muqaddam sudlangan fuqaro M.A.ning xonadonida katta miqdordagi dorilar topildi. U “Mahmud Torobiy” ko‘chasidagi uyida umumiy qiymati 289,2 mln so‘mlik 46 turdagi 18 473 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni saqlab kelgan.
Ushbu mahsulotlar ham sifati kafolatlanmagan bo‘lib, sotish uchun mo‘ljallangani aytilmoqda. Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Toshkent shahrining Uchtepa tumanida fuqaro J.A. boshqaruvidagi BYD avtomobili ko‘zdan kechirildi. Avtomobil salonida 4 turdagi 26 quti dori vositasi borligi aniqlandi.
Tezkor tadbir davomida J.A.ning xonadonidan ham xorijda ishlab chiqarilgan sifati kafolatlanmagan dorilar topilgan. Xonadondan 85 turdagi 5 452 dona dori vositasi hamda 24 quti kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qashqadaryo viloyatida ham shunga o‘xshash holat aniqlandi. Fuqaro D.A. “Qarluqbog‘ot” MFY hududidagi xonadoni yerto‘lasida dori vositalarini saqlab kelgan. Tekshiruvda umumiy qiymati 262,5 mln so‘mlik 154 turdagi 4 613 dona sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiy buyumlar topildi.
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan yana bir tadbirda fuqaro O.Sh. fuqaro M.B.ning xonadonida hujjatsiz dorilarni saqlab kelayotgani ma’lum bo‘ldi. U yerda sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 26 turdagi 1 925 quti dori vositasi aniqlangan. Ularning umumiy qiymati 257,6 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi va 251-1-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. 186-3-modda sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoki sotish bilan bog‘liq javobgarlikni belgilaydi.
Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Baxmalda haydovchilik guvohnomasi olib berish bilan bog‘liq holat fosh etilgani haqida yozgan edi.


