AQSh harbiylari Hormuz bo‘g‘ozi ustida Apache vertolyoti qulaganidan so‘ng Eron janubidagi havo mudofaasi va radar tizimlariga hujum uyushtirdi. Tehron esa javob choralarini ko‘rishini bildirdi.
AQSH Qurolli kuchlari Eron hududlariga zarbalarni qayta boshladi. Bunga Ormuz bo‘g‘ozi ustida Amerika armiyasiga tegishli Apache jangovar vertolyoti qulagani sabab bo‘lgan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi — CENTCOM bayonotiga ko‘ra, operatsiya “Eronning asossiz tajovuziga mutanosib javob” sifatida amalga oshirilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp ABC News telekanaliga bergan intervyusida javob choralarini zarur deb atagan.
Amerika nashrlarining yozishicha, AQSH zarbalari Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Eron havo mudofaasi tizimlari, radar stansiyalari hamda yerusti boshqaruv punktlariga qaratilgan. Eron OAVlari mamlakat janubida, jumladan Sirik va Minob shaharlari hamda Qeshm oroli yaqinida portlashlar eshitilgani haqida xabar bergan.
Keyinroq Eronning yarim rasmiy Tasnim agentligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonotiga tayanib, Eron mintaqadagi AQSH obyektlariga raketa va dronlar uchirganini ma’lum qildi.
CENTCOM bir necha soatdan so‘ng Eronga qarshi zarbalar yakunlanganini bildirdi. Qo‘mondonlikka ko‘ra, hujumlar Eronning Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi radar tizimlari, havo mudofaasi vositalari va boshqaruv punktlariga qaratilgan.
Avvalroq Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Apache vertolyoti qulagani uchun Eronga qarshi javob choralari ko‘rilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot Ormuz bo‘g‘ozi ustida patrul parvozini amalga oshirayotgan vaqtda Eron harbiylari tomonidan urib tushirilgan. Tramp ikki uchuvchi omon qolganini va xavfsiz joyda ekanini bildirgan.
Associated Press agentligi suhbatlashgan amerikalik rasmiyga ko‘ra, vertolyot Eron droni bilan to‘qnashuvdan keyin qulagan bo‘lishi mumkin. Biroq bu holat ataylab sodir etilganmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum. Rasmiy bayonotlarda ushbu versiya tilga olinmagan.
8-iyun kuni Isroil va Eron vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini e’lon qilgan edi. Biroq Apache vertolyoti bilan bog‘liq hodisadan keyin AQSH ham Eronga qarshi harbiy harakatlarni tikladi.
Qaynoq24.uz Eron harbiylari Isroilga zarbalarni to‘xtatishini e’lon qilgani haqida yozgan edi.


