AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi 11-iyun oqshomiga rejalashtirilgan zarbalarni bekor qilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga Tehron bilan muzokaralarda siljish kuzatilgani sabab bo‘lgan.
Tramp Truth Social’dagi bayonotida Eron bilan muhokamalar mamlakatning yuqori rahbariyatigacha yetkazilgani va kelishuvning yakuniy bandlari bo‘yicha ijobiy jarayon ketayotganini aytdi. Shu sababli u Eronga zarba berish rejasini to‘xtatgan.
AQSh prezidentining ta’kidlashicha, kelishuvning asosiy bandlari AQShdan tashqari Isroil, Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Turkiya, Pokiston, Bahrayn, Quvayt, Iordaniya, Misr va boshqa davlatlar bilan ham muvofiqlashtirilgan. Shu bilan birga, u bitim yakunlanmaguncha dengiz blokadasi amalda qolishini bildirdi.
Keyinroq jurnalistlar bilan suhbatda Tramp Tehron bilan «juda yaxshi kelishuv» yaqin kunlarda, ehtimol, dam olish kunlari Yevropada imzolanishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolash marosimida AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens ishtirok etadi. Tramp esa 14-iyun kuni 80 yoshga to‘lishi sababli marosimga bora olmasligini bildirgan.
AQSh prezidenti kelishuv Eronning yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlashi va Hormuz bo‘g‘ozining qayta ochilishiga olib kelishini ta’kidladi.
Biroq Tehron hozircha Vashington bilan bitim bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmaganini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Esmoil Bag‘oiyning aytishicha, kelishuv masalasi bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Reuters ham Eron tomoni ayrim talablar, jumladan sanksiyalarni yumshatish va Ormuz bo‘g‘ozi masalasida pozitsiyasi saqlanib qolayotganini qayd etdi.
Qaynoq24.uz 22 davlat Eronni xorijdagi hujumlar uchun qoralagani haqida yozgan edi.


