Geely EX5 avtomobili yangilandi: nimalar qo‘shildi

Foto: Geely
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Geely kompaniyasi tomonidan Xitoy bozorida Geely EX5 avtomobili yangilandi. Bu haqda CNC texnologiyalar nashri xabar berdi.

Model mamlakatda sotuv ruxsatnomasini olish uchun ariza topshirgan va hujjatlarda uning asosiy texnik o‘zgarishlari oshkor bo‘lgan.

Yangilangan Geely EX5 tashqi dizaynida ham bir qator o‘zgarishlar bor. Krossover old qismi qayta ishlangan, bamper yanada agressiv ko‘rinish olgan va faol havo kirish tizimi bilan jihozlangan. Eng muhim yangiliklardan biri — tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensori bo‘ldi. Bu avtomobil G-ASD G-Pilot H5 yordamchi boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini anglatadi. Ushbu tizim shahar yo‘llari va magistrallarda Navigate On Autopilot funksiyasini ta’minlaydi.

EX5’ning yangi versiyasida old qanotlardagi yon kameralar va tom spoyleriga joylashtirilgan qo‘shimcha kamera ham mavjud. Shuningdek, zaryadlash porti old qanotdan orqa qismga ko‘chirilgan.

Texnik jihatdan ham model sezilarli yangilangan. Avvalgi versiya old g‘ildirakdan tortuvchi bo‘lgan bo‘lsa, yangilangan EX5 orqa g‘ildirakdan tortuvchi sxemaga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Krossover orqa o‘qda joylashgan bitta TZ184QY301 elektromotori bilan jihozlangan. Uning maksimal quvvati 245 kVt yoki 329 ot kuchini tashkil etadi. Bu amaldagi modeldan 114 ot kuchiga ko‘p.

Quvvat oshishi bilan avtomobilning maksimal tezligi ham yuqorilagan. Yangi Geely EX5 201 km/soat tezlikka chiqa oladi. Hozirgi versiyada bu ko‘rsatkich 175 km/soatni tashkil etadi. Elektromotor LFP akkumulyatoridan quvvat oladi, biroq batareya sig‘imi hozircha oshkor qilinmagan.

O‘lchamlar va texnik imkoniyatlar

Foto: MIIT

Model o‘lchamlari 4636×1920×1670 mmni tashkil qiladi, g‘ildirak bazasi esa 2750 mmga teng. Yangilangan EX5 hozirgi versiyadan 21 mm uzunroq. Krossover 18 yoki 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif etiladi, og‘irligi esa komplektatsiyaga qarab 1750 kgdan 1830 kggacha boradi.

Yana bir muhim o‘zgarish — eshik tutqichlari bilan bog‘liq. Yangilangan EX5 yashirin tutqichlar o‘rniga an’anaviy eshik tutqichlariga ega bo‘ladi. Bu qaror Xitoyda 2027-yildan boshlab yashirin eshik tutqichlari bo‘yicha cheklovlar kuchga kirishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Geely EX5 Xitoy bozorida Galaxy E5 nomi bilan 2024-yilda sotuvga chiqqan. Model besh o‘rindiqli ixcham elektrokrossover bo‘lib, asosan shahar sharoitida foydalanishga mo‘ljallangan. China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–may oylarida ushbu modeldan 24 150 dona yetkazib berilgan.

Geely EX5 brendning xorijiy bozorlardagi kengayishida ham muhim modellardan biri hisoblanadi.

Qaynoq24.uz Geely Emgrand i-HEV sedanini taqdim etishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.