AQShning Missuri shtatida Butler Memorial aeroporti yaqinida samolyot halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bortda bo‘lgan 12 kishining barchasi vafot etgan.
Missuri shtati yo‘l politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, aviahalokat AQShning o‘rta g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan. Hozirda voqea joyida shtat yo‘l politsiyasi, mahalliy huquq-tartibot organlari hamda Beyts okrugi sherifi boshqarmasi xodimlari ishlamoqda.
Halokatdan so‘ng aeroport yaqinidagi Business 49 yo‘li har ikki yo‘nalishda noma’lum muddatga yopilgan. Bu haqda okrug sherifi boshqarmasi xabar bergan.
Hozircha samolyotning nima sababdan qulagani ma’lum emas. AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi hodisa sabablari yuzasidan rasmiy bayonot bermagan. Tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Qaynoq24.uz Janubiy Sudanda samolyot halokatga uchragani haqida yozgan edi.


