Surxondaryo va Buxoroda fuqarolarni ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, pul olgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda tez tibbiy yordam stansiyasining sobiq xodimi 4 nafar fuqaroni aldab, ularni mazkur muassasaga haydovchi lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani aniqlandi. U fuqarolardan jami 3,4 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Tekshiruv davomida ushbu mablag‘ning 600 dollari qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan. Shuningdek, Departamentning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda yana bir firibgarlik holati aniqlandi. Fuqaro ikki nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali viloyat Perinatal markazi hamda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga hamshira lavozimiga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
U buning evaziga 3,3 ming dollar va 9,7 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Andijonda 40 sotix yer maydonini 160 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.


