Nyu-Dehli sudi Telegram’ning shikoyatini rad etdi va messenjerni Hindistonda vaqtincha bloklash bo‘yicha qarorni qonuniy deb topdi. Bu haqda The Economic Times xabar berdi.
Telegram ilovasi Hindistonda 22-iyungacha foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lmaydi. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, messenjerdagi ayrim kanallar orqali NEET tibbiyot oliygohlariga kirish imtihoni savollari tarqalgan.
Sud majlisida Telegram vakillari bunday cheklov foydalanuvchilarning so‘z erkinligi va axborot olish huquqini buzishini ta’kidladi. Biroq sudya Hindiston hukumatida messenjerni vaqtincha o‘chirish uchun yetarli asos bo‘lganini bildirdi. Sud fikricha, bu chora tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonining adolatli o‘tishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan.
Telegram asoschisi Pavel Durov avvalroq Hindistondagi bloklovni tanqid qilgan edi. Uning aytishicha, messenjerni mamlakatda Reliance kompaniyasi bloklamoqda, u esa qisman WhatsApp egasi Meta bilan bog‘liq.
Durov Telegram vaziyatni tuzatish uchun ko‘p ish qilganini, muammoning asl manbasi esa messenjerdan tashqarida ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Telegram ma’muriyati Hindistonda imtihon savollari “sizib chiqishi” va shu bilan bog‘liq firibgarlik sxemalarini tarqatgan yuzlab kanallarni o‘chirgan.
Qaynoq24.uz Telegram yangi funksiyalarni taqdim qilgani haqida yozgan edi.


