Samarqand viloyatida qishloq xo‘jaligi yeridan o‘zboshimchalik bilan tuproq va qora qum qazib olish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Urgut tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “U.D.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari davlat va jamiyat manfaatlariga 1 mlrd so‘mlik zarar yetkazgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, fermer xo‘jaligi mas’ullari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga mo‘ljallangan yer maydonidan ruxsatsiz ravishda 90 166,28 kub metr tuproq hamda 959,94 kub metr qora qum aralashmasini qazib olgan. Natijada yer resurslariga zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi va 229-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddalar nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish hamda o‘zboshimchalik holatlarini nazarda tutadi. Hozirda ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlangani haqida yozgan edi.


