Apple’ning iPhone 17 Pro Max modeli Xitoy bozorida eng yirik Android flagmanlaridan ancha yuqori savdo natijasini ko‘rsatgani aytilmoqda. 2026-yil 21-iyun holatiga ko‘ra, iPhone 17 liniyasining Xitoydagi umumiy savdosi 35,39 mln donaga yetgan.
Eng katta talab iPhone 17 Pro Max modeliga to‘g‘ri kelgan. Ushbu smartfon taxminan 12,69 mln dona sotilgan. Undan keyingi o‘rinda iPhone 17 turibdi — bu model savdosi qariyb 11,83 mln donani tashkil qilgan. iPhone 17 Pro esa taxminan 10,87 mln dona sotilgan.
Taqqoslash uchun, Android bozoridagi Ultra toifasiga kiruvchi Xiaomi 17 Ultra, Vivo X300 Ultra, OPPO Find X9 Ultra va iQOO 15 Ultra kabi flagmanlarning umumiy savdosi bor-yo‘g‘i 776,5 ming dona atrofida bo‘lgani aytilmoqda. Shu tariqa, faqat iPhone 17 Pro Max’ning o‘zi ushbu Android Ultra flagmanlarining barchasidan bir necha baravar ko‘proq sotilgan.

Bu ko‘rsatkich Apple’ning premium segmentdagi kuchli mavqeini yana bir bor namoyish qilmoqda. iPhone 17 Pro Max eng qimmat modellardan biri bo‘lishiga qaramay, Xitoyda ommaviy talabni saqlab qolgan. Android ishlab chiqaruvchilari esa texnik jihatdan kuchli Ultra modellarni chiqargan bo‘lsa-da, ularning savdosi iPhone darajasiga yaqinlashmagan.
Insayder Ice Universe’ning yozishicha, bunday statistika Android ishlab chiqaruvchilarining strategiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Ultra modellarni ishlab chiqish katta xarajat talab qiladi: kompaniyalar ilg‘or kamera tizimlari, qimmat displeylar, kuchli protsessorlar va boshqa premium komponentlarga sarmoya kiritadi. Biroq maksimal texnik imkoniyatlar har doim ham yuqori savdoga kafolat bermaydi.
Shu sababli ayrim Android brendlari kelgusida Ultra flagmanlarga yondashuvini qayta ko‘rib chiqishi mumkin. Bozorda xaridorlar nafaqat texnik ko‘rsatkichlarga, balki brend obro‘si, dasturiy ekotizim, uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash va qayta sotish qiymatiga ham e’tibor qaratmoqda.
Qaynoq24.uz iPhone narxlari oshishi mumkinligi haqida yozgan edi.


