Honor kompaniyasi Honor X80 Pro Max smartfonini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Huaweicentral xabar bermoqda.
Qurilmaning rasmiy premyerasi iyun oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Internetda modelning yangi jonli suratlari paydo bo‘ldi va ular smartfon dizayni hamda ayrim texnik xususiyatlarini ochib berdi.
Suratlardan ko‘rinishicha, Honor X80 Pro Max tashqi ko‘rinish bo‘yicha sezilarli darajada yangilangan. Smartfon orqa paneli och krem rangdagi teri uslubidagi qoplama bilan ishlangan. Korpusning pastki qismida esa keng qizil dekorativ chiziq joylashgan. Qurilmaning umumiy ko‘rinishini yirik dumaloq kamera bloki to‘ldiradi. Kamera moduli massiv kumushrang halqa bilan o‘ralgan bo‘lib, shu sababli ayrim foydalanuvchilar smartfonni Huawei Mate 70 Pro dizayniga qiyoslamoqda.
Honor X80 Pro Max old tomondan yassi ekran va ingichka ramkalar bilan jihozlanadi. Selfi-kamera displeyning yuqori markazidagi kichik teshikda joylashadi. Ekran 2788 × 1280 piksel aniqlikka ega bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, unda ko‘zga tushadigan yuklamani kamaytirishga qaratilgan Oasis Eye texnologiyasi qo‘llanishi kutilmoqda.
Smartfon Qualcomm Snapdragon 6 Gen 5 platformasi asosida ishlaydi. Qurilma 8 GB tezkor xotira va 256 GB ichki xotira bilan taklif qilinishi aytilmoqda. Dasturiy ta’minot sifatida Android 16 asosidagi MagicOS 10 interfeysi qo‘llanadi.
Yangi modelning eng muhim jihatlaridan biri akkumulyator bo‘ladi. Honor X80 Pro Max 11 000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bunday ko‘rsatkich smartfonni katta akkumulyatorli modellar qatoriga olib chiqadi. Shu bilan birga, qurilma 90 Vt tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlashi aytilmoqda.
Katta batareyaga qaramay, smartfon nisbatan yupqa korpusda ishlab chiqilishi kutilmoqda. Bu esa Honor’ning yangi modelida avtonom ishlash va dizayn o‘rtasida muvozanat yaratishga urinayotganini ko‘rsatadi.
Honor X80 Pro Max haqida rasmiy narx, sotuv geografiyasi va to‘liq texnik tafsilotlar hozircha e’lon qilinmagan. Biroq mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, model katta akkumulyator, 90 Vt tezkor quvvatlash, yirik kamera bloki va flagmanlarga xos dizayni bilan o‘rta-yuqori segmentda e’tibor tortishi mumkin.
Qaynoq24.uz Tecno Pova 8 5G smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.


