Changan kompaniyasining Avatr brendi L3 darajadagi avtonom boshqaruv tizimini sinovdan o‘tkazish uchun ruxsat oldi. Kompaniya bu orqali ilg‘or aqlli haydovchi yordam tizimlarini tijoratlashtirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
L3 darajadagi avtonom boshqaruv avtomobilning muayyan sharoitlarda mustaqil harakatlanishini anglatadi. Masalan, tirbandlik yoki oldindan belgilangan yo‘l uchastkalarida haydovchi qo‘lini ruldan olishi va vaqtincha yo‘lga bevosita e’tibor qaratmasligi mumkin. Shu bilan birga, bunday tizimlar hali to‘liq avtonom boshqaruv emas, haydovchi zarur holatda boshqaruvni qayta o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi.
Avatr aynan qaysi model L3 sinovlari uchun ruxsat olganini hozircha ochiqlamadi. Biroq gap joriy yil Xitoy bozoriga chiqishi kutilayotgan Avatr 07L krossoveri haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Kompaniya vakillari esa turli yo‘l sharoitlaridagi sinovlar muammosiz davom etayotganini bildirgan.

Avatr ilgari ham avtonom boshqaruv texnologiyalari bo‘yicha faol ishlagan. 2023-yilda kompaniya Xitoyda avtomagistrallarda L3 darajadagi avtonom boshqaruv sinovlariga ruxsat olgan ilk brendlardan biri bo‘lgan. O‘shanda Avatr 11 elektr krossoveri Chunsin avtomagistrallarida 5 ming kmdan ortiq masofada sinovdan o‘tkazilgan. Sinovlar 0 dan 80 km/soatgacha tezlik oralig‘ida amalga oshirilgan va yakunda avtomobil Xitoy avtomobil texnologiyalari va tadqiqot markazi sertifikatini olgan.
Changan avvalroq L3 darajadagi tasdiqlangan modellari 4D millimetrli radar bilan jihozlanishini bildirgan edi. Ushbu radar beshta toifadagi 17 xil yo‘l holatida yuqori aniqlikda ishlashi aytilmoqda.
Bundan tashqari, Hesai kompaniyasi L3 avtonom boshqaruv uchun maxsus ishlab chiqilgan 180 darajali ko‘rish burchagiga ega FTX lidar sensorini taqdim etgan. Ushbu sensorlar Changan’ning Deepal SL03 sedanida qo‘llangan. Shu bois L3 sinovlariga ruxsat olgan Avatr modeli ham FTX lidar bilan jihozlangan bo‘lishi ehtimoli bor.
Qaynoq24.uz BYD Denza Z rul kolonkasisiz boshqaruv tizimini olgani haqida yozgan edi.


