Xitoyda Redmi Note 17 va Redmi Note 17 Pro smartfonlarining ilk tizeri paydo bo‘ldi. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Rasmga ko‘ra, Redmi yangi avlodda kamera bloki dizaynini o‘zgartirgan: Redmi Note 15 seriyasida kameralar korpusning yuqori markaziy qismida joylashgan bo‘lsa, Redmi Note 17 liniyasida modul chap yuqori burchakka ko‘chirilgan.
Bazaviy Redmi Note 17 bitta asosiy kamera bilan, Redmi Note 17 Pro esa ikkita kamerali blok bilan tasvirlangan. Insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, har ikki model 6,83 dyuymli yassi OLED-displey, 1,5K aniqlikdagi ekran, stereo karnaylar, suvdan himoya va Android 16 asosidagi HyperOS 3.1 interfeysi bilan jihozlanadi.
Redmi Note 17 modeliga Snapdragon 6s Gen 4 chipi va 67 Vt tezkor quvvatlash qo‘llab-quvvatlashi berilishi kutilmoqda. Redmi Note 17 Pro esa Snapdragon 6 Gen 5 platformasi hamda taxminan 9000 mA·soat sig‘imli akkumulyator bilan chiqishi mumkin. Har ikki smartfonda 50 megapikselli asosiy kamera bo‘lishi aytilmoqda.
Redmi Note 17 oilasida Pro Max versiyasi ham kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu model MediaTek Dimensity 7500 chipi, 10 100 mA·soatli akkumulyator va 200 megapikselli kamera bilan jihozlanadi.
Redmi Note 17 seriyasining Xitoydagi rasmiy taqdimoti joriy oy oxirigacha bo‘lib o‘tishi allaqachon tasdiqlangan.
Qaynoq24.uz Samsung Galaxy S27 Ultra kattaroq batareya bilan sinovdan o‘tayotgani haqida yozgan edi.


